O‘zbekiston xorijdagi deportatsiya markazlarida saqlanayotgan fuqarolarni qaytaradi

Birinchi navbatda AQSh, Janubiy Koreya, Rossiya kabi 8 ta mamlakat deportatsiya markazlarida saqlanayotgan o‘zbekistonlik ayollar va bolalar qaytariladi.
Sputnik
TOShKENT, 4 avg – Sputnik. Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan 30-iyuldan 30-avgustgacha "Vatanga qaytarish" nomli xayriya aksiyasi o‘tkaziladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aksiya doirasida xorij davlatlarida og‘ir sharoitda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish va ularni ruhiy, ijtimoiy va iqtisodiy moslashtirish maqsad qilingan.
Qayd etilishicha, birinchi navbatda Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSh va Janubiy Koreyada deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalar qaytariladi.
1 avgust kuni o‘tgan yig‘ilishda aksiyasini samarali tashkil qilish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Xususan, elchixona va konsulliklar 7-avgustga qadar xorijiy davlatlarning Deportatsiya markazlaridagi o‘zbekistonlik fuqarolarni aniqlaydi va ro‘yxatni Migratsiya agentligiga taqdim etadi.
15 avgustgacha shaxsiy ma’lumotlari yetarli bo‘lmaganlar uchun zarur hujjatlarni tayyorlab, ikkinchi ro‘yxatni agentlikka yuboradi. Migratsiya agentligi taqdim etilgan ro‘yxat asosida 1−3 ish kuni ichida samolyotga chiptalar xarid qiladi.
Fuqaro migratsiya agentligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilsa, agentlik xodimlari 1−2 soat ichida bog‘lanadi va hujjatlarni masofaviy qabul qiladi. Arizani 1 kun ichida ko‘rib chiqib, 2 kunda chipta bilan ta’minlaydi.
Murojaat uchun Migratsiya agentligining xorijdagi vakolatxonalari, O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalari hamda konsullik muassasalari, @huquqiy_yordam_uzbot gayoki 12-82 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
Migratsiya: Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning huquqiy maqomini rasmiylashtirishga yordam beriladi