TOShKENT, 23-iyul – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzaxga tashrifi davomida viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Jizzax viloyati kartoshkachilikni rivojlantirishga zamin qilib olinmoqda. Bugungi kunda Zomin ilmiy tajriba stansiyasida xorijiy va mahalliy seleksiyaga mansub 12 ta nav birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentu Uzbekistana predstavili dopolnitelnie vozmojnosti Djizakskoy oblasti
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Shuningdek, dukkakli ekinlar ekish, Zarbdor tumanidagi kanalda nasos stansiyalari va magistral quvurlar qurish rejalari belgilangan.
Jizzaxning turfa tabiati, tog‘li va cho‘l hududlari yilning to‘rt faslida ham sayohat qilish imkonini beradi. “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, Zomin aeroporti va yangi yo‘llar bu imkoniyatlarni kengaytirdi. Yirik 6 ta kanal bo‘yida sayilgohlar tashkil qilindi. Endi “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida ham zamonaviy turizm markazi barpo etiladi.
“Tumanlarga sanoatni olib kirib, odamlarni ishli qilishga harakat qilyapmiz. Ilgari dasht bo‘lgan joylarda zamonaviy korxonalar paydo bo‘lyapti. Odamlarimiz hunaridan, tomorqasidan ham daromad topayapti. Lekin bu bugungi natija. Yangi avlod yetishib kelyapti, yoshlarimizning bilimi, talabi oshib borapti. Ularning ishlashi, yaxshi yashashi uchun hozirdan zamin yaratishimiz kerak. Agar imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, Zomin tumani ishsizlikdan xoli hudud bo‘la oladi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, Zomin tumanida madaniyat saroyi va san’at maktabi qurilishi rejalashtirilgan. Madaniyat saroyi 300 o‘rinli bo‘lib, tuman markazidagi 45 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda “Zomin sayqali” folklor-etnografik jamoasi, 13 ta to‘garak faoliyat yuritadi.
Prezidentu Uzbekistana predstavili dopolnitelnie vozmojnosti Djizakskoy oblasti
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Mutasaddilarga ushbu rejalar ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shu bilan prezidentning Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.