TOShKENT, 22-iyul – Sputnik. 2025 yil 16-iyuldan 21-iyulgacha bo‘lgan anomal issiq davrda O‘zbekiston energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli va yuklamasi bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, birinchi marta elektr energiyasi iste’molida yozgi ko‘rsatkichlar qishki maksimal ko‘rsatkichlardan oshdi.
2025 yil 18-iyul kunlik iste’mol miqdori 272,6 mln kVt•soat, bu qishki maksimumdan (271,8 mln kVt•soat) va avvalgi yozgi rekorddan (253,3 mln kVt•soat) oshib ketdi.
21 iyul kuni soat 17:00 da energetika tizimining maksimal quvvati 13,3 GVtga yetdi, bu qishki rekorddan (12,5 GVt) va 2024-yil iyul oyidagi ko‘rsatkichlardan (11,8 GVt) yuqori.
Eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi: sutkalik iste’mol - 32,4 mln kVt•soat (2024 yilda kuzatilgan maksimal iste’mol - 30,5 mln kVt•soat)ga yetib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 33%ga ko‘pni tashkil etdi.
Eng yuqori yuklama soat 14:52 da — 1811 MVt (2024 yilda - 1680 MVt)ni tashkil qildi.
Joriy iste’mol darajasi 2024-yil iyul oyining shu davriga nisbatan 7,6 foizga yuqori bo‘lib, oy boshidan buyon o‘sish 11,0 foizni tashkil etdi.
Vazirlik iste’molchilardan elektr energiyasidan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘ramoqda.