Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi tashkil etiladi — yangi qaror

Kengash Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi tashkil etiladi. Bu haqda prezident imzolagan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
“Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
“Qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad etib tadbirkorlar va soliq organlari o‘rtasidagi nizolarni hal qilish uchun sarflanadigan vaqt va xarajatlarni kamaytirish belgilandi”, — deyiladi hujjat matnida.
Hujjatga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi huzurida soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq masalalari bo‘yicha ekspertlardan iborat Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi tashkil etiladi.
Ekspert kengashining majlislari 1 oyda kamida 2-marta o‘tkaziladi.
Ekspert kengashiga soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqishda quyidagi vakolatlar beriladi:
soliq organlarining qarorlaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, bundan jinoyat ishi doirasida yoki sud tartibida ko‘rib chiqilayotgan soliqqa oid nizolar mustasno;
murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan xulosa qabul qilish;
qabul qilingan xulosalarni majburiy tartibda ko‘rib chiqish uchun soliq, bojxona va tegishli davlat organlariga yuborish hamda bu haqda tadbirkorni xabardor qilish.
Ichki bozorda raqobat muhiti rivojlantiriladi: tadbirkorlarni qanday yengilliklar kutmoqda?