TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. O‘zbekiston va Vengriya O‘zbekiston atom elektr stansiyasida quruq sovitish tizimlarini joriy etishni muhokama qilmoqda, deya xabar berdi "O‘zatom" agentligi matbuot xizmati.
O‘zbekistonda AES qurilishining asosiy bosqichini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida "O‘zatom" agentligi, Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi, Vengriyaning MVM EGI Zrt., Polus kompaniyalari, OTP Bank Uzbekistan, shuningdek, Rossiyaning "Atomstroyeksport" AJ va "Atomenergoproyekt" AJ vakillari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda.
Uzbekistan i Vengriya obsujdayut vnedrenie sistem suxogo oxlajdeniya na uzbekskoy AES
© Agentstva "Uzatom"
Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri stansiyaning ishonchli va samarali ishlashini ta’minlash uchun muhim uskuna - "quruq" gradirnyalarni yetkazib berish va ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik modellarini muhokama qilish bo‘ldi.
“O‘zbekiston hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, jumladan, erkin iqtisodiy zona negizida qo‘shma korxona (QK) tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu qadam nafaqat loyihani amalga oshirishda mahalliy ishtirok ulushini oshirishga, balki mintaqada keyingi sanoat rivojlanishiga zamin yaratadi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, uchrashuv davomida kadrlar salohiyatini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. MVM EGI Zrt. mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashda, shu jumladan ta’lim dasturlarini tashkil etish, amaliyot o‘tash va o‘qish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish orqali ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.
“Tomonlar shaffoflik, texnologik ochiqlik va o‘zaro manfaatdorlik asosida ko‘p darajali sheriklikni rivojlantirish Markaziy Osiyodagi eng yirik energetika loyihalaridan birini muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Aytilishicha, muzokaralar davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyida "O‘zatom" agentligi va Vengriyaning MVM EGI Zrt. davlat korxonasi o‘rtasida hamkorlik hujjatlari imzolangan edi. Aytilishicha, o‘zaro anglashuv memorandumi, o‘z navbatida, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik asoslarini shakllantirishga qaratilgan.