TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish tarafdori. Bu haqda komissiyaning sanoat va agrosanoat kompleksi vaziri Goar Barsegan ma’lum qildi.
Goar Barsegan Yekaterinburgda bo‘lib o‘tgan "Innoprom" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ishida ishtirok etdi. Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri Anton Alixonov va yirik sanoat kompaniyalari rahbarlari ishtirokidagi ishbilarmonlik nonushtasi chog‘ida u Ittifoq mamlakatlari biznesining muvofiqlashtirilgan ishida muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.
"Iste’molchiga yo‘naltirilganlik va bozor o‘zgarishlariga tezkor javob berish qobiliyati biznes hamjamiyatiga YeOII doirasida keng ko‘lamli vazifalarni hal qilishga yordam beradi. Komissiya tadbirkorlar o‘z salohiyatini yaxshiroq ochishi uchun sharoit yaratish ustida izchil ish olib bormoqda”, — dedi Barsegan.
Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari sanoat vazirlari yig‘ilishida Yevroosiyo makonida kelgusida birgalikda ishlash istiqbollari haqida so‘z bordi.
"Komissiya sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, texnologiyalar almashinuvi va samarali integratsiya aloqalarini shakllantirish tarafdori bo‘lib kelmoqda. Biz ShHT mamlakatlari bilan tarmoq tashabbuslarini ilgari surish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va texnologik tajriba almashishdan manfaatdormiz”, — deya ta’kidladi Goar Barsegan.