TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Eron Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tasdiqladi. Bu haqda nazorat organining rasmiy vakili Hodi Tahan Nazif X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Hukumatga MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatish majburiyatini yuklaydigan loyiha qo‘riqchilar kengashi a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilgandan so‘ng Islom qonunlari va konstitutsiyaga zid emasligi aniqlandi”, — deb yozadi rasmiy vakil.
Ushbu qonun loyihasi kuni kecha majlis tomonidan ma’qullandi. Parlamentning tushuntirishicha, Tehron Eron yadroviy obyektlari va atom olimlari xavfsizligini ta’minlamaguncha agentlik bilan hamkorlikni to‘xtatadi.
Hujjatda, shuningdek, MAGATE xodimlari islom respublikasiga tekshiruvlar o‘tkazish uchun faqat mamlakat Milliy xavfsizlik oliy kengashi roziligi bilan tashrif buyurishi mumkinligi aytilgan.
Rossiya Federatsiyasining Venadagi xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili o‘rinbosari Roman Ustinov RIA Novostiga ma’lum qilishicha, MAGATE, chaqiriqlarga qaramay, hozircha Eron yadroviy obyektlariga berilgan zarbalar oqibatlarini aniq, xolis baholaydigan to‘liq ma’ruzani taqdim etmadi.
“Ushbu obyektlar inspektorlar tomonidan tekshirilgan va ularga hech qanday e’tiroz yo‘q edi - barcha yadroviy materiallar faqat tinch maqsadlarda ishlatilgan. Shunday qilib, MAGATEning ikkala asosiy funksiyasi ham xavf ostida qoladi: atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni targ‘ib qilish va uning harbiy maqsadlarda foydalanilmasligini nazorat qilish. Va bu borada agentlik aniq pozitsiyani egallashga majbur", — dedi Ustinov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, odatda bunday pozitsiya rezolyutsiya shaklida ifodalanadi. Uning ta’kidlashicha, zarbalar davom etayotgan va keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda agentlik saytidagi ma’lumotlarning o‘zi yetarli emas.
“Rossiya bo‘layotgan voqealarga aniq va xolis baho beradigan hamda AQSh va Isroilning Eron yadroviy inshootlariga zarbalari oqibatlari tasvirini taqdim etadigan MAGATEning to‘liq hisobotini talab qilmoqda", — deya xulosa qildi Ustinov.