TOShKENT, 22-may — Sputnik. O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhit bo‘yicha Markaziy Osiyo tadqiqot markazi tashkil etiladi, deya xabar berdi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Xitoy Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Xe Xunpin bilan uchrashdi.
Uchrashuvda barqaror hamkorlik va qo‘shma ilmiy va amaliy tashabbuslarni kengaytirish haqida so‘z bordi.
Hamkorlikda quyidagi loyihalar borligi ma’lum qilindi:
Arnasoy, Karmana, Muborak, Qorako‘l va Nukus tumanlarida galofit o‘simliklar bog‘larini yaratish;
O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi agentligiga 1,4 tonna urug‘ yetkazib berish;
ifloslanish darajasini monitoring qilish uchun raqamli tizimlarni joriy etish va xitoylik mutaxassislarning "Yashil makon" umummilliy tashabbusini amalga oshirishda.
“Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Xitoy Fanlar akademiyasining Sinszan ekologiya va geografiya instituti (CAS XIEG) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi”, — deyiladi xabarda.
Memorandumga ko‘ra, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) negizida Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhitni o‘rganish ilmiy-tadqiqot markazi (Tashkent Headquarter) tashkil etiladi.
Markaz Markaziy Osiyo mintaqasida ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislarni tayyorlash, texnologiyalar va tajriba almashish, shuningdek, "yashil" va barqaror rivojlanishni targ‘ib qilish uchun platforma bo‘ladi.