O‘zbekiston aholisining ekologik madaniyati oshiriladi — yangi qaror
© Sputnik / Aktan TemirkanovKuryer na elektrosamokat na trotuare.

© Sputnik / Aktan Temirkanov
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston ekovolontor talabalari harakati tashkil etiladi.
TOShKENT, 18-may — Sputnik. 2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu haqda prezident imzolagan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
“2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2030-yilda quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish belgilandi:
3,3 mln nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyatning shakllanishi;
4,2 mln nafar umumiy o‘rta ta’lim tizimi tashkilotlari o‘quvchilarida ekologik ta’lim-tarbiyaning mustahkamlanishi, ekologik madaniyatning yuksalishi.
Qaror bilan 2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiya 2027-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan har 2-yil muddatga tasdiqlanadigan alohida “yo‘l xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik bilimini oshirishga qaratilgan bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish sohasida muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi.
Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan ayrim tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” tizimida ro‘yxatga olish orqali o‘tkazilishi belgilandi.
Hujjat bilan“Ekolog olimlar hamjamiyati” nodavlat notijorat tashkiloti ta’sis etiladi.
Shuningdek, 2025-yil 1-avgustdan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi inspektorlari quyidagi holatlar aniqlanganda tezkor nazorat tadbirlarini tekshiruvlar boshlangandan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor etish tartibida amalga oshiradi:
yuridik shaxslarning o‘z hududida bino, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog‘ida belgilangan talablarni buzib, kimoviy, biologik vositalarni qo‘llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish yoki yo‘q qilish;
o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish;
yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash.
“Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionati amalga oshiriladi
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrdan Ekologiya vazirligi atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimi ma’lumotlari bazalarining jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlaydi hamda ularda quyidagi ma’lumotlarni joylashtirib boradi:
har yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekiladigan daraxt va ko‘chatlar haqida;
daraxt va butalarni kesish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish maqsadida taqdim etilgan arizalar haqida;
suv havzalarida noruda materiallarni qazib olish bo‘yicha joriy qilingan moratoriy tartibini buzgan shaxslar haqida.
2025 yildan har yili quyidagilar amalga oshirib boriladi:
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionati;
har oyda 1 marotaba “Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” shiori ostida aksiyalar, tashviqot tadbirlari.
Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalari talabalari tomonidan O‘zbekiston ekovolontor talabalari harakati tashkil etiladi.