So‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari 24-may kuni o‘tkaziladi — vazirlik

Maktablar jamoalari, bitiruvchilar, ota-onalardan tadbirlar jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etishlari so‘raldi.
Sputnik
TOShKENT, 18-may — Sputnik. So‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari 24-may – shanba kuni o‘tkazilishi belgilangan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
Boshlanayotgan haftada maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglaydi. Aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu tadbir o‘tkazilishi taqiqlangani, cheklovlar o‘rnatilgani haqida turli noto‘g‘ri xabarlar tarqalmoqda.
“Joriy o‘quv yilining oxirgi kuni 25-may, yakshanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelganligi sababli so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlari 24-may – shanba kuni o‘tkazilishi belgilangan”, — deyiladi xabarda.
Vazirlik ma’lum qilishicha, maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq tadbirlarini ko‘tarinki kayfiyatda, tantanalar bilan o‘tkazish an’anasi bu yil ham davom etadi.
Faqat maktablar jamoalari, bitiruvchilar, ota-onalardan tadbirlar jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etishlari so‘ralmoqda.
Yozgi ta’til: talaba va o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga tayyorgarlik boshlandi