O‘zbekiston zaytun yetishtirishda Gruziya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

O‘zbekistonda ilk bor sanoat usulida zaytun yetishtirish bo‘yicha amaliy qadam tashlandi.
Sputnik
TOShKENT, 12 apr – Sputnik. O‘zbekiston zaytun yetishtirishda Gruziya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbekistonda ilk bor sanoat usulida zaytun yetishtirish bo‘yicha amaliy qadam tashlandi”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Milliy Markaz tizimidagi akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Gruziyaning “Global Olive Corporation” kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik kelishuvi doirasida mamlakatga 4 200 tup “Gemlik” navli zaytun ko‘chatlari olib kelindi. Ular Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasida ekildi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion yondashuvlarni kengaytirish, xalqaro tajriba almashinuvi asosida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda zaytun yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida mutaxassislar almashinuvi, zaytun plantatsiyalarini samarali parvarishlash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda mahsuldorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Kelgusida O‘zbekistonda zaytun maydonlarini kengaytirish, qayta ishlash quvvatlarini tashkil etish va tarmoqni kompleks rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston-Gruziya o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazmoqchi