Mirziyoyev Markaziy Osiyo parlamentlari delegatsiyalari rahbarlarini qabul qildi

Qo‘shma uchrashuvda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari ishtirok etdi.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari rahbarlarini qabul qildi.
Qo‘shma uchrashuvda Qozog‘iston Parlamenti Majlisi raisi Yerlan Koshanov, Qirg‘iziston Jogorku Keneshi torag‘asi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Tojikiston Majlisi Namoyandagon raisi Fayzali Idizoda va Turkmaniston Majlisi raisi Dunyogo‘zal Gulmanova ishtirok etdi.
Yuqori martabali mehmonlar O‘zbekiston prezidentiga o‘z mamlakatlari yetakchilarining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar, mintaqada ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro tadbirning ahamiyatini alohida ta’kidlashdi.
Qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Oliy va yuqori darajadagi faol muloqotlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda mintaqada o‘tkazilgan uchrashuvlar, jumladan, chegaralarni delimitatsiya qilish masalalari to‘liq tartibga solingani hamda Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Keyingi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ko‘p karra oshdi, chegaraoldi savdo zonalari tashkil etilmoqda.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan, mamlakatlar hududlarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Madaniyat va ta’limda tadbirlarga boy dasturlar ro‘yobga chiqarilmoqda.
Uchrashuvda mintaqa mamlakatlari va xalqlarini yanada yaqinlashtirish, qo‘shma kooperatsiya tashabbuslari va loyihalarini ilgari surish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida parlamentlararo muloqotni, shu jumladan, qo‘mitalar darajasida mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi.
Mirziyoyev Matviyenko bilan munosabatlarni yanada mustahkamlashni muhokama qildi