TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi arafasida Osiyo Parlament Assambleyasi bosh kotibi Muhammad Rizo Majidiy bilan uchrashdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston parlamenti va Osiyo Parlament Assambleyasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, ekologiya, barqaror rivojlanish va xalqaro siyosat sohalarida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
V Senate sostoyalas vstrecha s Generalnim sekretarem Aziatskoy Parlamentskoy Assamblei
© Senata Oliy Majlisa
Hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, shu jumladan ekologik xavfsizlik, “yashil” texnologiyalardan foydalanish, kambag‘allikni qisqartirish, suv ta’minotini yaxshilash va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muhammad Rizo Majidiy prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, ayniqsa, yangi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar va “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi doirasida O‘zbekiston erishgan yutuqlarni alohida ta’kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, Assambleyaga a’zo mamlakatlar o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ziyorat turizmini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Turizm sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, shu jumladan, tajriba almashish va madaniy aloqalarni mustahkamlashga tayyorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida mavjud tashabbuslar doirasida faol ishlarni davom ettirish va yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga kelishib olindi.