O‘zbekistonda Ramazon hayiti 30-mart kuni nishonlanadi

Ramazon hayitining birinchi kuni 30-mart – yakshanba kuniga to‘g‘ri keladi.
Sputnik
TOShKENT, 26 mar — Sputnik. O‘zbekistonda Ramazon hayiti bayrami 30-mart kuni nishonlanadi. Bu haqda prezident qarorida e’lon qilindi.
“Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 30-mart – yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 2025-yil 30-mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin”, - deyiladi qaror matnida.
Shuningdek, O‘zbekiston Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Ramazon hayitining birinchi kuni yakshanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 31-mart – dushanba kuniga ko‘chiriladi.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon hayitini milliy an’ana va urf-odatlarga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda Ramazon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratadi.
Mirziyoyev jamoatchilik bilan birgalikda iftorlik marosimida ishtirok etdi