TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Malayziya o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan yangi loyihalar boshlamoqchi. Bu haqda O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyevning Malayziya kichik va o‘rta biznes xalqaro savdo uyushmasi (SMITA) prezidenti Megan Su bilan uchrashuvida so‘z bordi, deb yozmoqda "Dunyo" AA.
Qayd etilishicha, uyushma prezidenti mahalliy hamkorlar bilan bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, jumladan, O‘zbekistonga malayziyalik sayyohlar oqimini ko‘paytirishga tayyor. Shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan kelgan xorijiy sayyohlar uchun umumiy ovqatlanish tarmog‘ini yaratish, Malayziyaga meva-sabzavot mahsulotlari hamda O‘zbekistondan mineral o‘g‘itlar eksportini kengaytirish niyatida.
Quyidagi loyihalarni amalga oshirish muhokama etildi:
O‘zbekistonning yirik savdo tarmoqlari bilan hamkorlik qilish;
o‘zaro tovar ayirboshlashni kengaytirish;
respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ilgari surish bo‘yicha maxsus onlayn platforma yaratish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish.
Ma’lumot uchun, "SMITA" 2015-yilda tashkil etilgan. U kichik va o‘rta biznes korxonalari hamda startaplarni global bozorga kirishda ko‘mak ko‘rsatadi. Uyushma Malayziya bo‘ylab 100 tadan ortiq, boshqa davlatdan 300 tadan ziyod ishlab chiqarish, savdo va turizm kompaniyalari manfaatlarini himoya qiladi.