“Qonun loyihasiga ko‘ra, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqaga kirishish, jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirish bola rozilik bergan yoki bermaganligidan qat’i nazar, zo‘rlik ishlatilgan deb baholanishi nazarda tutilmoqda. Qonun loyihasi bilan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda sodir etilganligi uchun ham javobgarlik belgilanmoqda”, — deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov o‘zining telegram-kanalida.
“Pornografik mahsulotlarini saqlaganlik uchun 37,5 mln so‘mdan 187 mln so‘mgacha yoki 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi, shuningdek, shu holatlarni takroran sodir etganlik, yani saqlaganlik uchun 150 mln so‘mdan 225 mln so‘mgacha jarima, 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari, ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum etish jazolarini qo‘llash taklif etilmoqda. Yuqoridagi mahsulotlarni tarqatganlik uchun 5-yildan 7-yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlash taklif etilyapti”, — deya aniqlik kiritdi Abdullayev.