TOShKENT, 5-mart — Sputnik. Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmonda nazarda tutilgan.
Farmonga ko‘ra, ko‘chmas mulk obyektlarining bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini aniqlashning zamonaviy usullari va mexanizmlarini joriy etish va keng qo‘llash, aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy aktivlari o‘sib borishi uchun qulay shart-sharoit yaratishning asosiy maqsadlari belgilandi.
Asosiy maqsadlar:
respublikadagi mavjud 8 milliondan ortiq turar va noturar joylar, 7 millionga yaqin yer uchastkalarining iqtisodiy aktiv sifatidagi qiymatini aniqlash;
ko‘chmas mulk obyektining soliq solish, oldi-sotdi qilish, garovga qo‘yish, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va boshqa holatlar uchun aniqlanadigan qiymati o‘zaro mutanosib bo‘lishini ta’minlash;
ko‘chmas mulk bozoriga oid ishonchli, to‘liq va davriy ravishda yangilanib boradigan axborot bazani yaratish;
soliq solishda adolatlilik tamoyilini yanada keng joriy etish.
“2025 yildan bosqichma-bosqich barcha ko‘chmas mulk obyektlari ularning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini aniqlash maqsadida davriy ravishda ommaviy baholashdan o‘tkaziladi”, — deyilgan hujjat matnida.
Ommaviy baholash ishlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
2025–2026 yillarda – eksperiment tariqasida Toshkent shahrida;
2026–2027 yillarda – Nukus shahri va viloyatlar markazlarida;
2027 yil va undan keyingi yillarda – qolgan hududlarda.
Shuningdek, Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, quyidagilar belgilandi:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi – ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ etib;
Kadastr agentligi – ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida maxsus vakolatli organ etib;
Milliy markaz – ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida ijro etuvchi organ etib.
Ommaviy baholash tizimini normativ-huquqiy va uslubiy jihatdan ta’minlash uchun “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti” belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
2026 yil oxirigacha Toshkent shahridagi eksperiment natijalari, ilg‘or xorijiy tajriba hamda xalqaro ekspertlarning xulosalari va tavsiyalari asosida “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
2025 yil 1-noyabrgacha ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotiga asosan quyidagilar ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi:
“Ko‘chmas mulk bozori monitoringi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
“Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash” avtomatlashtirilgan axborot tizimi.