TOShKENT, 18 fev — Sputnik. Yangi normalar va qoidalarni ishlab chiqishda biznesning fikrini hisobga olish eng muhim vazifadir. Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) iqtisodiyot va moliya siyosati vaziri Baxit Sultanov ma’lum qildi, deb yozmoqda komissiya matbuot xizmati.
Baxit Sultanov Rossiya biznes haftaligi - 2025 "YeOII 2030-yilgacha: maqsadlar, mexanizmlar, biznes va hukumat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik muammolari” mavzusidagi integratsiya forumidagi nutqida Ittifoqdagi tartibga solishning biznes yuritish shartlariga ta’sirini baholashning yangi mexanizmlarini ishga tushirish haqida gapirdi.
Vazir yangi mexanizmlar qatorida Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarning amaldagi ta’sirini baholash va xalqaro shartnomalar loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholashni ham o‘z ichiga olganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ittifoqning o‘n yillik faoliyati davomida komissiya meyoriy hujjatlarini ishlab chiqishda tadbirkorlik subyektlaridan kelib tushgan takliflarning 60 foizdan ortig‘i inobatga olingan.
“Biz mamlakatlarimizda tadbirkorlar uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha doimiy ish olib boramiz. Yangi norma va qoidalarni ishlab chiqishda biznesning fikrini inobatga olish eng muhim vazifadir”, — dedi Sultonov.
U ishbilarmon doiralar oldida turgan dolzarb masalalarga alohida to‘xtalib, Yevroosiyo iqtisodiy integratsiyasining biznes yuritish shartlariga ta’sirini baholash uchun tahliliy vositani taqdim etdi.
Bundan tashqari, vazir xizmatlar savdosini liberallashtirish, turizm sohasida iqtisodiy hamkorlik, uchinchi davlatlardan kelayotgan tovarlarni kuzatib borish mexanizmini joriy etish va ishchi kuchining erkin harakatlanishini ta’minlash haqida gapirdi.
“Biz Komissiyaning YeOII Ishbilarmonlar kengashi bilan o‘zaro hamkorligi bo‘yicha Maslahat kengashi ishini qayta formatlashtirib, yagona oyna rejimiga o‘tdik”, — deya qo‘shimcha qildi u.