Rossiya Asad va uning oilasiga gumanitar sabablarga ko‘ra boshpana berdi — Kreml

Kecha Asad va uning oila a’zolari Moskvaga yetib keldi.
Sputnik
TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Iste’foga chiqqan Suriya prezidenti Bashar Asad va uning oila a’zolari Moskvaga kelishdi, Rossiya ularga gumanitar sabablarga ko‘ra boshpana berdi. Bu haqda RIA Novostiga Kremldagi manba ma’lum qildi.
“Suriya prezidenti Asad va uning oila a’zolari Moskvaga yetib keldi. Rossiya gumanitar nuqtayi nazardan kelib chiqib, ularga boshpana berdi”, — dedi agentlik suhbatdoshi. Manbaga ko‘ra, Rossiya Suriya inqirozini hal qilish uchun siyosiy yechim izlashni doim qo‘llab-quvvatlab kelgan.
Bundan tashqari, Rossiya BMT shafeligida muzokaralarni qayta boshlash zarur deb hisoblaydi.
“Rossiya rasmiylari Suriyadagi qurolli muxolifat vakillari bilan aloqada, ularning rahbarlari Suriyadagi Rossiya harbiy bazalari va diplomatik muassasalari xavfsizligini kafolatlagan”, — deya qo‘shimcha qildi manba.
Manbaning ta’kidlashicha, Rossiya Suriya xalqi manfaatlari va mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lida siyosiy muloqotni davom ettirishga umid qilmoqda.
Asad davlatni tark etdi, ayrim vazirlar bilan bog‘lanib bo‘lmayapti: Suriyada vaziyat qanday?