Rossiya O‘zbekistonga neftni qazib olishda sun’iy intellektdan foydalanishni taklif qildi

“O‘zbekneftgaz”da Rossiyaning Tomsk viloyati gubernatori o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Rossiya O‘zbekistonga neftni qazib chiqarish va qayta ishlash majmualarida sun’iy intellektdan foydalanish taklifini bildirdi, deya xabar berdi “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati.
“O‘zbekneftgaz” AJda Rossiyaning Tomsk viloyati gubernatori o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Tomsk viloyati delegatsiyasi a’zolari murakkab qazib olinadigan neftni qazib chiqarish va qayta ishlash majmualarida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, hamkorlik doirasida o‘zaro tajriba almashish, maxsus kurs va seminarlar tashkil etish orqali mutaxassislar malakasini oshirish ham muhokama etildi.
Tomonlar hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olishdi. Unda ikki tomonlama loyihalar, ta’lim va tadqiqot sohasidagi hamkorlik, innovatsion texnologiyalarni joriy etish uchun aniq qadamlar belgilab olinadi.
Tomsk universitetlari kompaniya uchun geologiya, neft va gaz konlarini o‘zlashtirish va ulardan foydalanish, xomashoni tashish, saqlash va qayta ishlash sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga tayyor.

“Ular qayta tiklanishi qiyin bo‘lgan neftni o‘rganish va ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni taklif qilishdi. Bizda “Paleozoy” loyihasi doirasida ishlanmalar mavjud. Biz Tomsk politexnika universitetining "Ilg‘or muhandislik maktabi" formatida ishlashga tayyormiz, u yerda sanoat ishlab chiqarishida sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha mamlakatning birinchi laboratoriyasi yaratilgan”, — deb yozadi Tomsk viloyati gubernatori Vladimir Mazur o‘zining Telegram-kanalida.

Toshkent va Tomsk viloyatlari hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda