TOShKENT, 6 noya — Sputnik. Xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarda davolash xizmatlarini reklama qilish taqiqlandi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan bilan ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.
Hujjat bilan quyidagi holatlarga ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda:
fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatganlik;
xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik.
Mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik o‘rnatilmoqda.
Shuningdek, xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda fuqarolarga tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilish taqiqlanmoqda.
“Xalq tabobati sohasida faoliyat olib borish uchun tegishli huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatish hamda mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilish, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, - fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 20 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 20 baravaridan 25 baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”, — deyiladi hujjat matnida.
Agar huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takroran etilgan bo‘lsa, - bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.