TOShKENT, 29 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan tegishli qonun bilan foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Qonun bilan ayrim kodekslarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
“Jinoyat kodeksiga foydali qazilmalarni qonunga xilof ravishda qazib olishni shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etganlik uchun, shuningdek foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda”, — deyiladi hujjat matnida.
Demak, foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish ( bundan yer osti suvlari va darolar o‘zanlarida joydashgan foydali qazilmalar mustasno) uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorida jarima qo‘llaniladi. Yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1-yildan 3-yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3-yildan 5-yilgacha ozodlikni cheklash, 3-yildan 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, u yerda qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek yer berish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish yuzasidan ichki ishlar organlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olishda bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llaniladi. Shuningdek, 360 soatgacha majburiy jamoat ishlariga, 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash, 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.