TOShKENT, 27 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan OAV va ijtimoiy tarmoqlarda parlament saylovlarida saylov uchastkalarida qonunbuzarliklar sodir etilgani haqidagi 16 ta xabar o‘rganib chiqildi. Bu haqda mamlakat bosh prokurori o‘rinbosari Shohrux Aminov jurnalistlarga brifingda ma’lum qildi.
Bugun O‘zbekistonda navbatdagi parlament saylovlari boshlandi. Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida Bosh prokuror o‘rinbosari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
“Ovoz berish jarayonida qonunbuzarliklar haqida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 16 ta xabar e’lon qilindi. Bosh prokuratura ularni o‘rganib chiqib, ushbu xabarlarning barchasida qonunbuzarliklar qayd etilmaganini ma’lum qiladi”, — dedi brifingda.
Uning aytishicha, prokuratura tomonidan fuqarolar saylovchilar va deputatlikka nomzodlardan kelib tushgan 6 ta murojaat bo‘yicha, asosan, saylov jarayonini tashkil etish masalalari bo‘yicha ham tushuntirishlar berilgan.
Aminov prokuratura saylov jarayonida qonunbuzarliklar haqida hamma xabarlarga yetib kelmasligi mumkinligini aytib, kuzatuvchilar, fuqarolar va ommaviy axborot vositalarini bunday faktlarni zudlik bilan yetkazishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, saylovda ovoz berish soat 08:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi. O‘zbekistonda parlament saylovlari ilk bor aralash majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazilmoqda. Saylovlarni o‘tkazish uchun 10 717 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan, ulardan 57 tasi 40 ta davlatda, shu jumladan, 7 tasi Rossiyada. O‘zbekistondagi parlament saylovlarini MDH PAdan 60 nafardan ortiq kuzatuvchi kuzatib boradi.