TOShKENT, 24 okt — Sputnik. Sun’iy intellekt sohasidagi etika bo‘yicha tadqiqotlar va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Beruniy nomidagi YuNESKO–O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etildi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Ushbu qaror Parijda bo‘lib o‘tgan YuNESKO Ijroiya kengashining 220-sessiyasida O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbus doirasida bir ovozdan qabul qilindi.
Uchrejdena mejdunarodnaya premiya YuNESKO–Uzbekistan imeni Beruni, napravlennaya na podderjku eticheskix issledovaniy i razrabotok v oblasti iskusstvennogo intellekta.
© Saida Mirziyoyeva
“Mukofot ikki yilda bir marotaba sun’iy idrok sohasida odob-axloq va inklyuzivlikni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi zalvorli loyihalarga beriladi. G‘oliblar mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan saralab olinadi va jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi e’tirofi ramzi sifatida pul mukofoti, sertifikat va medal bilan taqdirlanadi”, — deyiladi xabarda
Ilk taqdirlash marosimi 2025-yilning noyabr oyida Samarqandda YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tadi.
“Bu esa mazkur tashabbusning O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ifodalaydi”, — deb yozadi Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston yetakchisi Abu Rayhon Beruniy nomidagi YuNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etilish bo‘yicha qaror qabul qilgan edi. Mazkur hujjat Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro darajada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, O‘zbekiston va YuNESKO o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirishni nazarda tutadi.