Misr o‘zbekistonlik talabalar uchun noyob adabiyot va darsliklar yubordi — ular nima haqida?

Adabiyot va darsliklar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, uning huzuridagi Diplomatik akademiya va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Misr O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun 500 tadan ziyod noyob adabiyot va darsliklarni taqdim qildi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
Kitob va darsliklar Misr Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik tadqiqotlar instituti, Arab davlatlari ligasi va "Al-Azhar" diniy majmuasi kutubxonasi fondidan O‘zbekiston elchixonasiga topshirildi.
“Diplomatik tadqiqotlar instituti tomonidan ingliz va arab tillarida taqdim etilgan kitoblar zamonaviy diplomatiya, siyosat, iqtisod, falsafa, Yaqin Sharqdagi jarayonlar, mintaqadagi davlatlar tarixi va ko‘p yillik muammolarni hal qilish istiqbollari kabi mavzularni qamrab olgan”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, musulmon olamidagi eng qadimiy va eng nufuzli oliygohlardan hisoblangan "Al-Azhar ash-Sharif" diniy majmuasi esa "Al-Azhar" universitetida talabalarga o‘qitiladigan qimmatli adabiyotlar, muqaddas Islom dini va ma’naviyatga chorlovchi qo‘llanmalarni taqdim etdi.
“Ushbu kitoblar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, uning huzuridagi Diplomatik akademiya va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga taqdim etish rejalashtirilgan”, — deya qayd etilgan xabarda.
Aytilishicha, mazkur qadam O‘zbekiston va Misr oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning kichik bir misoli. Chunki so‘nggi yillarda talabalar va o‘qituvchi almashish, o‘zaro malaka oshirish bo‘yicha ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Misr muftiylari fatvolar ishlab chiqishda hamkorlik qiladi