TOShKENT, 7 okt — Sputnik. O‘zbekistonda kelajakda yirik atom elektr stansiyasi (AES) quriladi, sohada mutaxassislar tayyorlash uchun birinchi navbatda “Rosatom” ishtirokida kam quvvatli AES quriladi. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” videopodkastida ma’lum qildi.
“Generatsiya bazasi — bu issiqlik elektr stansiyalari va GESlar, bizning maqsad kelajakda yirik atom elektr stansiyasi qurishdir”, — dedi Mirzamahmudov.
Vazirning aytishicha, mamlakatda atom sanoatini rivojlantirishni kichik quvvatlardan boshlash kerak.
"Nima uchun avvalo kichik reaktordan boshlamoqchimiz? Biz kichik reaktorlar uchun mutaxassislar tayyorlashimiz kerak, lekin baribir bizga katta reaktor kerak bo‘ladi. Biz 2050-yilgacha uglerod neytralligiga erishishga intilamiz va bunga atom elektr stansiyalarisiz erishib bo‘lmaydi. AQSh o‘z dasturini qayta ko‘rib chiqdi. Amerika dunyodagi eng ko‘p reaktorga ega — 99 ta. Yevropa, Koreya, Yaponiya ham o‘z dasturlarini qayta boshladi. Butun dunyo bu yo‘nalishda harakat qilmoqda”, — dedi vazir.
Ma’lumot uchun, 2018-yil sentabr oyi boshida Rossiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari respublika hududida atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. “Rosatom” davlat korporatsiyasi VVER-1200 reaktor bloklari bilan ikki avlod “3+” energobloklardan iborat kompleks qurishni rejalashtirmoqda.
Stansiya qurilishi uchun Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinida ustuvor joy tanlandi. May oyi oxirida Toshkentda atom energetikasi tarixida kam quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha birinchi eksport shartnomasi imzolandi.
Loyiha O‘zbekistonning Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi bo‘yicha quvvati 330 MVt (har biri 55 MVt quvvatga ega oltita RITM-200N reaktori) bo‘lgan AESni qurishni nazarda tutadi. Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi sifatida ishlaydi, mahalliy kompaniyalar ham ishtirok etadi. Ma’lum qilinishicha, tanlangan hudud allaqachon ekspertizadan o‘tkazilgan va uning xavfsizligi tasdiqlangan.