TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Xitoyga rasmiy tashrif doirasida Butunxitoy ayollar federatsiyasi raisi Shen Itsin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida ikki mamlakatning tarixiy do‘stona munosabatlari va yil sayin yangi darajaga ko‘tarilib borayotgan o‘zaro hamkorlik aloqalari, davlatlar rahbarlari o‘rtasida erishilgan muhim kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, tomonlar xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotida, shu jumladan, iqtisodiyotning barcha sohalarida, qolaversa, ikki mamlakat do‘stona aloqalari mustahkamalanishida faol ishtirokini ta’minlash borasidagi ishlarga e’tibor qaratdi.
Bu borada faol o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik dasturlarini joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Xitoy bilan sog‘lom ona va bola dasturlarini davom ettirish hamda faol ayollarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quvlarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.