Shaxmat: O‘zbekiston Vengriyada o‘tgan Olimpiadada bronza medaliga sazovor bo‘ldi

46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 2026-yil Toshkentda o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Vengriyada bo‘lib o‘tgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 189 ta jamoa orasida bronza (3-o‘rin) medaliga sazovor bo‘ldi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Vengriyaning Budapesht shahrida 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘z yakuniga yetdi.
Murosasiz bahslarda g‘oliblik Hindiston jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, AQSh grossmeysterlari kumush medallar bilan taqdirlanishdi.
Individual yo‘nalishlarda ham shaxmatchilar sovrinlarga ega chiqishdi:
Shamsiddin Vohidov (4-taxta);
Nodirbek Abdusattorov (1-taxta);
Nodira Nodirjonova (5-taxta).

“Hamurtlarimiz 2-yil muqaddan Hindistonda o‘tgan Olimpiadada chempionlikka erishgan edi. Shu tariqa, jamoamiz qatorasiga ikkinchi bor sovrindor bo‘lmoqda. Endi yana 2-yildan so‘ng dunyoning eng kuchli grossmeysterlari O‘zbekiston mezbonlik qiladigan navbatdagi Olimpiadada jam bo‘lishadi”, — deyiladi xabarda.

Qizlar jamoasi esa 170 ta jamoa orasida 12-o‘rinni egalladi. Taxtalar kesimida: 5-taxtada Nodira Nodirjanova 2-o‘rin va kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi yakunida an’anaga ko‘ra navbatdagi shaxmat Olimpiadasi mezboniga estafeta tantanali ravishda topshirildi.
Hisob bo‘yicha 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 2026-yil Toshkent shahrida o‘tkaziladi. FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich ushbu musobaqa bayrog‘i hamda mash’alasini terma jamoa yetakchisi Nodirbek Abdusattorovga topshirdi.
Saida Mirziyoyeva shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Afruza Hamdamovani shaxsan o‘zi kutib oldi