TOShKENT, 26 avg — Sputnik. Shu yil 10-sentabrdan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil etiladigan “Umra – 2024”ning navbatdagi mavsumi boshlanadi, deya xabar berdi idora matbuot xizmati.
“2024 yil 10-sentabr kunidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil etiladigan “Umra – 2024”ning navbatdagi mavsumi boshlanadi. Hamurtlarimiz "Uzbekistan Airways" AJ aviakompaniyasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarda Saudiya Arabistoniga olib boriladi", — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida esa 7 kun bo‘ladi. Mavsum davomida tajribali ishchi guruhi va imom-xatiblardan iborat ellikboshilar hamda malakali shifokorlar ularga hamroh bo‘ladi.
Madina va Makkadagi mehmonxonalar 3-4 o‘rinli bo‘lib, 3 mahal taomlar, shirinlik va sarxil mevalar tortiq qilinadi.
Mazkur shaharlarda muborak qadamjolarga ziyorat tashkil etiladi.
Mehmonxonalarda tibbiyot punktlari, transport xizmati va ishchi guruhlari shtablari 24 soat davomida faoliyat yuritadi.