TOShKENT, 8 avg — Sputnik. O‘zbekistonda yangi turistik yo‘nalishlar ochilmoqda, deya xabar berdi Turizm qo‘mitasi.
Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatining tuman va shaharlarini bog‘lovchi “Oltin vodiy sayyohlik halqasi” hamda Xorazm va Qoraqalpog‘iston bo‘ylab “Qal’alar halqasi” turistik yo‘nalishlari ishlab chiqildi.
O‘zbekistonda yangi turistik yo‘nalishlar ochilmoqda
© Komitet po turizmu
“Oltin vodiy sayyohlik halqasi” turistik yo‘nalishi jami Farg‘onada 22 ta, Andijonda 18 ta va Namanganda 17 ta tashrif obyektlarini o‘z ichiga olgan.
“Vodiyga tashrif buyurgan turistlarni aniq marshrut asosida kutib olinadi. Sayyohlarga qiziqarli manzillar taqdim etiladi. Mehmonlar “Oltin vodiy sayyohlik halqasi” turistik yo‘nalishida joylashgan madaniy meros obyektlari, eko- va agroturizm obyektlari, ko‘ngilochar maskanlar va hunarmandchilik markazlari bilan yaqindan tanishadilar”, — deyiladi xabarda.
Xorazm va Qoraqalpog‘iston bo‘ylab “Qal’alar halqasi” turistik yo‘nalishi xorijlik va mahalliy sayyohlarga qadimiy qal’alar – Ichan qal’a, Ulli hovli, Qalajiq qal’a, Sulaymon qal’a, Toshqal’a, Ayazqal’a, Tuproqqal’a va Ellikqal’a tarixi bilan yaqindan tanishishga imkoniyat yaratadi.
Qayd etilishicha, buning natijasida sayyohlarning qolish muddati 2 kundan 3 kunga uzayadi. Qo‘shimcha xizmat turlari yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekistonda yangi turistik yo‘nalishlar ochilmoqda
© Komitet po turizmu
“Mazkur turistik yo‘nalishlar mamlakatimizning qadimiy qadamjolariga xorijlik va mahalliy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga va yurtimiz turizm salohiyatini oshirishga yordam beradi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Rossiya, AQSh va Xitoy tajribasi asosida mamlakatda harbiy va sanoat turizmini rivojlantirishni taklif qilgan edi. Unga ko‘ra, turizmning yangi turlari — geologiya turizmi, sanoat va ilmiy turizm va harbiy turizmni ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.