Mirziyoyev va Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi

Olmaotada Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiqda Janubiy Qozog‘iston universiteti filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Sputnik
TOShKENT, 8 avg — Sputnik. Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston yetakchisi Qozog‘iston rahbari va xalqiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda bu kun O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligi tarixida alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
“Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisini o‘tkazmoqdamiz. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida tarixiy voqea hisoblanadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, mintaqada suvdan foydalanish masalalariga yagona yondashuv mavjudligi qayd etildi. Ishonchli huquqiy bazani shakllantirish, suv xo‘jaligi obyektlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish ishlari davom ettiriladi.
Madaniyat, ta’lim, yoshlar va turizm sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
“Shu kunlarda Ostonada O‘zbek kinosi kunlari, ko‘rgazmalar, festivallar, konsertlar o‘tkazilmoqda. "Zakovat" intellektual o‘yini muvaffaqiyatli o‘tdi. Bunday tadbirlar yoshlarimizni yanada yaqinlashtiradi, ularni umumiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishtiradi”, — dedi Mirziyoyev.
Aytilishicha, madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ham bunga xizmat qiladi.
“Ta’lim sohasida bugun ikki mamlakatdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari - Olmaotada Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiqda Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
O‘zbekiston rahbari Qasim-Jomart Toqayevga Ostonada o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda integratsiya va hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanliklarini tasdiqladi. Ta’kidlanganidek, Maslahat uchrashuvi mintaqa oldida turgan vazifalarni birgalikda hal etish va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan mintaqaviy kun tartibini ishlab chiqishning samarali mexanizmiga aylandi.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa tuzilmalar doirasida yaqin va ochiq muloqotni davom ettirishga tayyorlik bildirildi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevni Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi majlisini o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Mirziyoyev va Toqayevning tor doiradagi uchrashuvi: nimalarga kelishib olindi?