TOShKENT, 5 avg — Sputnik. “Uzbekistan Airports” kompaniyasi Urganch aeroportini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) modeli asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha tender e’lon qildi.
“Aksiyadorlik jamiyati “Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish” loyihasini “Qurish-foydalanish-topshirish” (Build-Operate-Transfer, BOT) modeli asosida amalga oshirish bo‘yicha tenderning birinchi bosqichini e’lon qiladi”, — deyiladi xabarda.
Shu kabi loyihalarni amalga oshirish tajribasiga ega barcha manfaatdor kompaniyalar tenderda ishtirok etishlari mumkin.
Hujjatlarni topshirish qoidalari bilan uzairports.com rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.
Dastlabki malaka so‘rovi bo‘yicha arizalarni qabul qilish muddati: 2024-yil 14-sentabr, Toshkent vaqti bilan soat 18:00.
Qayd etilishicha, hozirda Urganch aeroportiga 8 ta aviakompaniya muntazam va 40 taga yaqin aviakompaniya charter reyslarni amalga oshirmoqda. 2023-yilda aeroport 590 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024-yilda yo‘lovchi tashish hajmi 17 foizga o‘sishi kutilmoqda.
"Dastlabki prognozlarga ko‘ra, DXSh amal qilishi davrida yo‘lovchi tashish hajmi yiliga o‘rtacha 7,5 foizga o‘sib borishi prognoz qilinmoqda", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.