Dehlida Boburiylar sulolasi tarixiga bag‘ishlangan muzey ochildi — u yerda nimalar bor?

Muzeyni tashkil etishga Hindiston Madaniyat va turizm vazirligi 60 ming dollar ajratdi.
Sputnik
TOShKENT, 1 avg — Sputnik. Hindiston poytaxtidagi Humoyun Mirzo maqbarasi huzurida Boburiylar tarixiga bag‘ishlangan Butunjahon merosi muzeyi tashkil etildi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
Aytilishicha, muzeyga ilk tamal toshi 2015-yilda Hindiston madaniyat va turizm vaziri Mahesh Sharma va Aga Xan xalqaro jamg‘armasi rahbari Aga Xan tomonidan qo‘yilgan. O‘tgan qariyb 10-yil davomida muzey joylashgan Humoyun Mirzo maqbarasi atrofidagi deyarli 120 gektar maydonda ulkan bog‘ qad rostladi.

“Tarixiy manbalarga asoslanib, Boburiylar davrida Hindistonda barpo etilgan bog‘lar kabi bugungi kunda muzey joylashgan ushbu bog‘da ham noyob, dunyoning boshqa burchaklarida kam uchraydigan ko‘chat va gullar, mahalliy issiq va nam havoga moslashgan daraxt va bo‘talar parvarish qilinmoqda. Mazkur ulkan hududda deyarli so‘nggi 25-yil davomida tarixchi olimlar va arxeologlar tomonidan Aga Xan xalqaro jamg‘armasi ko‘magida Boburiylar davridan meros bo‘lib qolgan 60 tadan ziyod qadimiy obidalar saqlanib qolindi”, — deyiladi xabarda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hukmdor Zahiriddin Muhammad Boburdan keyin Hindiston taxtiga o‘tirgan Humoyun Mirzo maqbarasini ziyorat qilish uchun bir yilda 3 millionga yaqin kishi keladi. Ularning salkam 300 ming nafarini maktab o‘quvchilari tashkil qiladi.
“Ushbu muzeyni tashkil etishga Hindiston Madaniyat va turizm vazirligi 60 ming dollar ajratdi. Shuningdek, loyihani moliyalashtirish uchun Aga Xan xalqaro jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar katta hissa qo‘shdi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Muzeydan Hindiston Milliy muzeyi, Hindiston Arxeologiya tadqiqotlari qo‘mitasi va Aga Xan xalqaro madaniyat jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan 500 tadan ortiq noyob ashyolar joy olgan.
Ular orasida quyidagilar bor:
Boburiylar davridan yetib kelgan miniatura san’ati namunalari va qo‘lozma asarlar;
Humoyun Mirzo maqbarasi va uning yon-atrofidagi hududga tegishli bo‘lgan arxitektura ashyolari;
tilla va kumush tangalar;
15 asrga oid nujum ilmiga tegishli bo‘lgan globus va boshqa osori-atiqalar;
17 asrga oid temir buyumlar;
oyna va matolar;
qurol-aslaha, nayza va pichoqlar;
sarkarda va jangchilarning zirhli kiyimlari;
Humoyun Mirzo davriga tegishli hukmdor toji hamda so‘nggi Boburiy podshoh Bahodirshoh Zafar II o‘tirgan taxtiravon.
Muzeyda Humoyun Mirzoning astronomiya va astrologiya ilmiga qiziqishi va ushbu sohaga doir alohida ko‘rgazmali zal tashkil etildi. Zalda o‘z davrida Samarqanddan taklif etilgan hunarmand ustalar tomonidan hukmdorga maxsus yasalgan astrolyabiya aslahalari, osmon va sayyoralar xaritasi, o‘rta asr globusi hamda tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega muhim artefaktlar namoyishga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, qo‘shni zallarda muzeyga tashrif buyuruvchilar Humoyun Mirzoning hayot yo‘li, uning saroydagi kundalik turmush tarzi va davlatchilik rivojlantirishga oid asarlar, jangu jadallarni aks ettiruvchi aslahalar va 3D shakldagi virtual xaritalarni ko‘zdan kechirishlari mumkin.
Bobur merosini o‘rganish xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi