Bobur merosini o‘rganish xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi
20:30 28.02.2024 (yangilandi: 10:51 29.02.2024)
© Sputnik / Vladimir AlekseyevMoskvada Boburga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
© Sputnik / Vladimir Alekseyev
Obuna bo‘lish
Anjumanda bir necha davlat oliygohlaridan 30 dan ortiq olim va o‘qituvchilar nutq so‘zlashdi, talabalar Bobur ruboiylaridan o‘qib berishdi.
TOShKENT, 28 fev — Sputnik. Bugun Moskvada “Zahiriddin Muhammad Bobur: shoh, shoir, olim, iqtidorli shaxs” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya Moskva davlat lingvistik universiteti (MGLU) va O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov Bobur nafaqat mohir harbiy rahbar, balki salmoqli diplomat bo‘lganini ham ta’kidladi. U yerlarni birlashtirib, davlat tuzishga muvaffaq bo‘lgan.
© Sputnik / Vladimir AlekseyevO‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov va MDH raisi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov va MDH raisi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov
© Sputnik / Vladimir Alekseyev
Asadov buyuk shoir ijodi haqida gapirar ekan, Bobur she’riyatining asosini muhabbat mavzusi tashkil etganini va u chinakam insoniy muhabbatni eng oliy qadriyat sifatida kuylaganini ta’kidladi.
"Bobur ijodida Vatan mavzusi alohida o‘rin tutadi. Uning ruboiylarida Vatanga bo‘lgan sog‘inch va cheksiz mehr-muhabbat chuqur ifodalangan”, — dedi elchi.
Asadov shoirning bir qancha ruboiylarini o‘qib berdi, shuningdek, MGLU rahbariyati va o‘qituvchilariga o‘zbek madaniyati va an’analarini yosh avlodga yetkazishda qo‘shayotgan hissalari uchun minnatdorlik bildirdi.
“O‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalarga Bobur ijodini chuqurroq o‘rganishni maslahat beraman. Shu tariqa ular o‘zbek xalqining an’ana va urf-odatlari bilan yaqindan tanishishlari mumkin”, — dedi elchi.
Anjumanda so‘zga chiqqan MDH raisi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov qo‘shni xalqlarning ulug‘ namoyondolari hayoti va ijodini o‘rganish muhim ekanini alohida ta’kidladi.
“Biz har bir xalqning ulug‘ zotlarini o‘rganish orqali xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlaymiz”, – deydi Ne’matov.
Misol tariqasida rais o‘rinbosari O‘zbekistonda buyuk qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov ijodini o‘rganishga qaratilayotgan e’tiborni keltirdi. Xususan, har yili Aytmatovga bag‘ishlangan anjumanlar tashkil etilayotganini va yaqinda o‘zbek olimi tomonidan “Chingiz Aytmatov fenomeni” nomli kitob nashr etilganini aytib o‘tildi.
© Sputnik / Vladimir AlekseyevMoskvada Boburga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
Moskvada Boburga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
© Sputnik / Vladimir Alekseyev
Anjumanda italiyalik olim va siyosatshunos Sandro Tetti ham onlayn ishtirok etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu kungacha Yevropada Sharq buyuk arboblari asarlari juda kam nashr etilgan. Tetti “Boburnoma”ni italyan tiliga tarjima qilgan va chop etgan birinchi olim ekanini faxr bilan qayd etdi.
Konferensiyada, shuningdek, MGLU rektori Irina Krayeva, “Rossiya va O‘zbekiston do‘stlik va hamkorlik jamiyati” raisi Igor Krugovix hamda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Italiya va boshqa mamlakatlardan 30 dan ortiq olim va o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Tadbir so‘ngida Moskvada o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar va aspirantlar Bobur ruboyilaridan o‘qib berishdi hamda mumtoz o‘zbek musiqalari yangradi.