TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda boquvchisi mehnat migratsiyasiga ketgan oilalarga bir martalik moddiy yordam berilishi kutilmoqda. Hukumatning tegishli qarori muhokamaga qo‘yilgan.
Hujjat bilan 2024-yil 1-oktabrdan boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga bazoviy hisoblash miqdorining (BHM) ikki baravari miqdorida (680 ming so‘m) bir martalik moddiy yordam berilishi nazarda tutilmoqda.
Mablag‘lar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan beriladi.
Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1,7 million so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekistonda ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma berilishi mumkin.
Bundan tashqari, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar berilishi nazarda tutilmoqda.
Yordam pullari va yo‘llanmalar mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar “Xorijda ish” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa beriladi.
Yordam pullari va yo‘llanmalarni olish uchun talabgorlar “Xorijda ish” dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda murojaat qiladi.