TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Hisob palatasi tomonidan konsolidatsiyalashgan budjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish taklif etilmoqda, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev budjet mablag‘laridan foydalanilishi ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, hozirda faqat budjet va maqsadli jamg‘armalar xarajati tashqi audit bilan qamrab olingan. Bu jami xarajatlarning 86 foizini tashkil etadi.
“Shu bois Hisob palatasi tomonidan konsolidatsiyalashgan budjet ijrosini tashqi auditdan o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu budjetdan tashqari jamg‘armalar hamda tashqi qarz hisobidan xarajatlarni ham qamrab olish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.
Hisob palatasi faoliyatida davlat dasturlaridagi milliy maqsad va vazifalarga erishishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni baholashga qaratilgan strategik audit hamda davlat tashkilotlaridagi dasturiy ta’minotlar samaradorligi bo‘yicha axborot texnologiyalari auditi joriy etilishi mo‘ljallanmoqda.
“Yurtimizda 30 mingga yaqin budjet tashkiloti va davlat korxonalari bo‘lib, ularni joyiga chiqib o‘rganishga ko‘p vaqt va mablag‘ ketadi. Shuning uchun Hisob palatasida “Masofaviy nazorat markazi” ishga tushirildi. Endi ilg‘or xorijiy tajriba asosida 36 ta risk-tahlil mezonlari va indikatorlarini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi”, — deya qayd etilgan xabarda.
So‘nggi yillarda hududlar rivojiga katta mablag‘lar yo‘naltirilayapti. Lekin mahalliy kengashlar budjet muhokamasida asosan viloyat yoki tuman budjeti bilan cheklanmoqda.
“Bu – har bir hududga barcha manbalardan berilayotgan mablag‘larning 65-70 foizi ularning nazoratidan chetda qolayapti, degani. Shu bois Hisob palatasi budjet jarayonini nafaqat Oliy Majlis palatalarida, balki mahalliy kengashlarda ham muhokama qilib borishi kerakligi qayd etildi”, — deya ta’kidlangan xabarda.