TOShKENT, 2-iyul — Sputnik. Ural poytaxti Yekaterinburgdagi savdo markazlaridan birida O‘zbekistondagi yetakchi gilam mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “SAG” gilamlari kompaniyasining Samarqand savdo uyining ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Yekaterinburg rasmiy portalida ma’lum qilindi.
Loyiha tashabbuskorlarining fikricha, yangi shourum Ural poytaxti va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga turtki bo‘ladi.
Yekaterinburgda Samarqand savdo uyining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
© Yekaterinburg.rf
Savdo uyining ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Sverdlovsk viloyati xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Vacheslav Yarin, Yekaterinburg rahbari Aleksey Orlov, O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi bosh konsuli Jahongir Parmanov ishtirok etdi.
Savdo uyida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi gilamlari taqdim etildi.
Yekaterinburgda Samarqand savdo uyining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
© Yekaterinburg.rf
“Samarqand savdo uyi joylashgan shahar sifatida Yekaterinburgning tanlanishi bejiz emas. Tadbirkorlarning o‘zlari ta’kidlaganidek, Ural poytaxtining raqobatbardosh ustunligi uning qulay geografik joylashuvi va rivojlangan logistikasi bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.
Erkinjon Turdimov savdo uyining ishga tushirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy hamkorlik rivojida yangi bosqich ramzi ekanini alohida ta’kidladi.
“Shubhasiz, bularning barchasi mamlakatlarimiz rahbarlarining yaqin muloqoti va do‘stona aloqalari tufayli amalga oshdi. Keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanib, sifat jihatidan boshqa darajaga ko‘tarildi”, — dedi Samarqand viloyati hokimi.
O‘z navbatida, Aleksey Orlov shakllanayotgan savdo maydonchasi Ural poytaxti va O‘zbekiston viloyati o‘rtasidagi ijtimoiy-madaniy aloqalarni rivojlantirishga ham turtki berishiga ishonch bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yekaterinburg va Samarqand viloyati o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning istiqboli katta.
“Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarimiz bor: birinchidan, ikki davlat rahbarlarining yaxshi niyati, ikkinchidan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar mavjudligi, uchinchidan, to‘lovlarni milliy valyutada amalga oshirish imkoniyati”, – deya xulosa qildi shahar rahbari.
Shuningdek, Yekaterinburgda ikki viloyat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Samarqand viloyatining sarmoyaviy salohiyati namoyish etildi.