TOShKENT, 26-may — Sputnik. O‘zbekiston Rossiyadan investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmini 5 mlrd dollargacha oshirmoqchi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning respublikaga davlat tashrifi arafasida e’lon qilingan materiallarda ma’lum qilindi.
Hujjatlarda qayd etilganidek, 2023-yilda Rossiya investitsiyalarining 3 milliard dollarga yaqini o‘zlashtirildi.
“O‘tgan yili 3 milliard dollarga yaqin Rossiya investitsiyalari o‘zlashtirildi, bu yil 5 milliard dollar o‘zlashtirilishi kutilmoqda”, — deyiladi materiallarda.
E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2023-yilda 700 dan ortiq yangi korxona tashkil etildi.
“2023 yil oxiriga kelib mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 milliard dollarga yetdi, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni ikki baravarga oshirish maqsadi qo‘yildi”, — deyiladi materiallarda.
Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan ikki tomonlama loyihalar va yaqin kelajak uchun uzoq muddatli rejalar haqida ham ma’lumotlar eslatib o‘tildi.
Xususan, hozirda Rossiya va O‘zbekiston:
respublikada kichik atom reaktorlariga ega stansiyani birgalikda qurish masalalari ustida ishlamoqda, shuningdek, Rossiya loyihasidagi atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha Bosh shartnoma parametrlari ham kelishib olinmoqda;
sanoatdagi yirik loyihalar, jumladan, Toshkent viloyatidagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati negizida misni qayta ishlash zavodi qurilishi ustida ishlamoqda;
Buxoro viloyatida gaz-kimyo majmuasi va Tebinbuloq temir rudasi konida metallurgiya klasterini tashkil etish;
2024 yil oxirida Navoiy va Buxoroda yangi sanoat parklarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda;
O‘zbekistonda sanoat parklarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 2022-yil mart oyida ishga tushirilgan “Chirchiq” kimyo-texnoparki muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi. 2023yil mart oyida Jizzax texnoparki ochildi.
“Kelgusida O‘zbekistonning boshqa hududlarida – Navoiy va Buxoro shaharlarida ham sanoat parklari ochilishi rejalashtirilgan”, — deyiladi materiallarda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya rahbari 26-27 may kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu Vladimir Putinning prezident etib qayta saylanganidan keyin Markaziy Osiyoga ilk tashrifidir.