Rossiyaning eng yirik savdo kompaniyasi Farg‘onada o‘z ofisini ochadi

Farg‘ona viloyati, Boshqirdiston respublikasi hamda Sverdlovsk viloyati o‘rtasida hamkorlik hujjatlari imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 26-may — Sputnik. Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Boshqirdiston respublikasi hamda Sverdlovsk viloyatiga amaliy tashrifi davomida imzolangan investitsion kelishuvlar va savdo shartnomalarining umumiy qiymati 562 mln dollardan oshdi. Bu haqida viloyat hokimligi xabar berdi.
“Bulardan 17 tasi qiymati 335 mln dollarlik investitsiya kelishuvlari bo‘lsa, qiymati 226,8 mln. dollarlik 35 ta savdo shartnomasi shakllantirildi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, imzolangan hujjatlar viloyatda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi hamda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarini Rossiya bozoriga yetkazib berish, qo‘shma agrologistika markazlari barpo etish, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasida investitsion loyihalarni amalga oshirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Shuningdek, tashrif davomida erishilgan kelishuvlar orasida viloyat tadbirkorlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda chorvachilik loyihalarini amalga oshirish uchun Boshqirdiston hududidan 10 ming gektargacha yer maydoni ajratiladi.

"Farg‘onada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Rossiyaning eng yirik savdo kompaniyasi – Sima-Lend platformasi orqali keng sotuvi yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur kompaniya Farg‘onada o‘z ofisini ochadi", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Shuningdek, viloyat delegatsiyasi a’zolari Yekaterinburg shahridagi Yuksak texnologiyalar texnoparkidagi Sverdlovsk korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan pilotsiz uchish apparatlari, revers muhandislik, suv tozalash hamda ximiya sanoati uchun yangi ishlanmalar bilan tanishishdi.
Tomonlar Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hamda kichik sanoat zonalarida hamkorlikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilib, birgalikda ish tashkil etishga kelishib olishdi.
O‘zbekiston va Rossiyaning yillar davomidagi hamkorligi — infografika