TOShKENT, 15-may — Sputnik. Zargarlik uchun qimmatbaho toshlarni olib kirish soliqdan ozod qilindi. Bu haqda prezident qaroriga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-926-son, 13.05.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish
“Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan qimmatbaho toshlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan 2024-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvargacha ozod qilinadi”, — deyiladi hujjat matnida.
Shuningdek, Kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylarining va dam olish zonalarining mazkur yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan foydasi 2026-yil 1-yanvargacha foyda solig‘idan ozod qilinadi.
“Turizm to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirish
Kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylari va dam olish zonalari joylashtirish vositalari sifatida majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda yiliga 100 tonna oltin qazib olinmoqda. Uni zargar tadbirkorlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat berilgan.