TOShKENT, 14-may — Sputnik. O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga ko‘tarildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Osiyo xotin-qizlari forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ma’lum qilindi.
Tabrik matnida qayd etilishicha, O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi faolligini yanada oshirish, o‘zaro tajriba almashish va do‘stona hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
“Bugungi anjuman natijasida qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasi asosida kelgusida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasining qabul qilinishi barchamizning bu boradagi ezgu intilishlarimizning yorqin amaliy ifodasi bo‘ladi”, — deya qayd etgan prezident tabrikda.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi 7-yilda O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga ko‘tarildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat a’zolarining 25 foizi ayollardan iborat. Bugun har bir mahallada ham ularning o‘z vakillari bor.
“Ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan ayollar soni 205 mingdan oshdi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Salkam yarim million nafar singillarimiz ish bilan ta’minlandi. Hozirgi kunda oliygohlarda ta’lim olayotgan talabalarning yarmidan ziyodini qizlar tashkil etmoqda”, — deyiladi tabrik matnida.
Qayd etilishicha, Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etilgan.Ochiq gender ma’lumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, 13-14 may kunlari Samarqandda "Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv" mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tmoqda.