Yil oxirigacha qayta tiklanuvchi energiya ulushi 18% ga yetkaziladi — energetika vaziri

May oyida O‘zbekiston Tojikistonni Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga ulaydi.
Sputnik
TOShKENT, 14-may — Sputnik. O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 18 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Toshkentda o‘tayotgan Energetika forumida ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

“O‘zbekiston 2024-yil oxiriga qadar mamlakat energetika tizimida qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini 18 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030-yilga kelib, O‘zbekiston energiya aralashmasidagi qayta tiklanuvchi energiya ulushi 40% ga yetkaziladi.
“Qayta tiklanadigan energiya deganda, biz faqat quyosh va shamolni hisobga olamiz. Hozir Qozog‘iston, Ozarbayjon bilan Markaziy Osiyo mintaqasining salohiyatidan foydalangan holda yashil energiyani suv osti kabeli orqali Yevropaga, Vengriyaga, Ruminiyaga va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga olib chiqishni muhokama qilmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, may oyida O‘zbekiston Tojikistonni Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga ulaydi.
Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimi 1960-yillar boshidan to‘rtta davlat – O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Janubiy Qozog‘istonning unga tutash besh viloyati hududida shakllana boshlagan. Bir paytlar Tojikiston o‘z shartlarini bir necha bor buzgani uchun parallel ishlardan ajratilgan.
Ma’lumot uchun, bugun Toshkentda energetika haftaligi o‘z ishini boshladi. Mazkur haftalikda 29 ta davlatdan 450 ta ishlab chiqaruvchi kompaniyaning yoqilg‘i-energetika tarmog‘iga oid zamonaviy uskunalari va texnologiyalaridan namunalar namoyish etiladi.
Bugun forumni yalpi sessiya ochib berdi. Unda ikkita muhim tadbir — 26-Xalqaro “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2024” anjumani hamda 4-Xalqaro energetika anjumani boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov 2030-yilga borib O‘zbekistonda 20 gigavatt qayta tiklanadigan energiya quvvati yaratilib, uning energiya balansidagi ulushi 40 foizga yetkazilishini ma’lum qilgandi.
Iqtisodiyotni "yashillashtirish" O‘zbekistonga nima beradi — Jahon banki tadqiqoti