“Yangi tahrirdagi “Investitsiyalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinadi. Ushbu hujjat Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq ishlab chiqildi. Tez orada mamlakatimizda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi. Ushbu sud O‘zbekiston sud-huquq tizimida alohida o‘ringa ega bo‘ladi. Yaqin vaqtda sanoat zonalari tizimida mutlaqo yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilinadi. Xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25-yildan 49-yilgacha, ya’ni, ikki barobar uzaytiriladi. Bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferensiyalar to‘liq saqlab qolinadi”, — deya qayd etdi prezident.
"Energetika tarmog‘i samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda. O‘zbekiston 2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Forum doirasida investorlar uchun qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimoti o‘tkaziladi", — dedi mamlakat yetakchisi.