TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Ozarbayjonning Ganja shahrida O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi birinchi faxriy konsulxonasi ochildi, deb xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimida Ganja shahar ijro hokimiyati boshlig‘i Niyazi Bayramov, Ganja shahridagi Turkiya va Gruziya Bosh konsulxonalari rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari, ilm-fan namoyandalar ishtirok etishdi.
“Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu voqea qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamda sherikchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish uchun ajoyib imkoniyat yaratishini ta’kidladilar. Shuningdek, Ganjada O‘zbekiston faxriy konsulxonasining ochilishi ikki qardosh mamlakat solnomalarida tarixiy voqea sifatida qayd etilishi aytib o‘tildi”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekistonning Ozarbayjondagi birinchi faxriy konsuli etib Kanan Jalilov tayinlandi.
Faxriy konsulxonasi o‘z okrugi doirasida O‘zbekistonfuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizga investitsiya va sayyohlarni jalb etish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.