O‘zbekiston "Markaziy Osiyo – Hindiston" ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishiga mezbonlik qiladi

Tadbir yoz faslida o‘tkaziladi. Unda yetakchi kompaniyalar mutaxassislari ishtirok etishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 18 apr — Sputnik. "Markaziy Osiyo – Hindiston" ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi O‘zbekistonda o‘tkaziladi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
Mamlakatning Dehlidagi elchixonasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Hindiston Savdo va sanoat palatalari federatsiyasi vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Unda "Markaziy Osiyo – Hindiston" ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini shu yil O‘zbekistonda o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Hindiston ishbilarmon doiralari vakillarining mazkur muloqot platformasi 2020-yil aprel oyida tashkil etilgan. Shu paytgacha uning yig‘ilishlari ikki marta o‘tkazilgan.
“FICCI vakillari o‘zbek zamini qabul qilayotgan navbatdagi anjumanga Hindiston tadbirkorlari tomonidan katta qiziqish bildirilayotgani hamda turli yo‘nalishdagi yetakchi kompaniyalar mutaxassislaridan iborat salmoqli tarkibdagi delegatsiya shakllantirilayotganini ma’lum qildi”, – deyiladi xabarda.
Tomonlar tadbirni yoz faslida o‘tkazish hamda tez kunlarda Markaziy Osiyo davlatlari vakillarini jalb etgan holda uning tashkiliy jihatlarini batafsil muhokama qilishga kelishib olishdi.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash qariyb 760 million dollarni tashkil etgan. Ikki davlat rahbarlari tomonidan yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifa qo‘yilgan.
O‘zbekiston va Hindiston ishbilarmonlari farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, avtomobil butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. O‘zbekistonda hind kapitali ishtirokida 420 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 280 tasi 100 foiz hindistonlik tadbirkorlarga tegishli.