TOShKENT, 5 apr – Sputnik. Qozon shahrida 14—19 may kunlari bo‘lib o‘tadigan "KazanForum" xalqaro iqtisodiy forumida 80 tadan ortiq davlat o‘z ishtirokini tasdiqladi, deya xabar beradi tashkiliy qo‘mita.
“14-19 may kunlari Tatariston poytaxtida bo‘lib o‘tadigan "KazanForum"da ishtirok etishni dunyoning 80 tadan ortiq davlati, jumladan, BAA, Bahrayn Qirolligi, Malayziya, Turkiya Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Liviya, shuningdek, Islom hamkorlik tashkilotiga kiruvchi boshqa davlatlar vakillari tasdiqladi”, - deyiladi xabarda.
Tatariston rahbari Rustam Minnixanov forumda nafaqat xorijlik mehmonlar, balki Rossiyaning turli mintaqalaridan ham ishtirokchilar kelishi kutilayotganini ta’kidladi.
"Hozirgi kunga qadar 80 tadan ortiq davlat ariza topshirgan. Bu esa samarali xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘lgan maydon sifatida Qozonga qiziqish yuqori ekanligini anglatadi", - dedi u.
"KazanForum" doirasida Rossiya va Saudiya Arabistoni, Malayziya, Kuvayt, Falastin, O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlararo komissiyalarining majlislari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Rossiya va IHT davlatlarining “Rossiya – Islom olami: KazanForum” xalqaro iqtisodiy forumi 2009-yildan buyon Tatariston poytaxtida o‘tkazib kelinmoqda va Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun platforma hisoblanadi.
Rossiya Federatsiyasi prezidentining farmoni bilan forum 2023-yilda federal maqomga ega bo‘ldi. Forum tashkiliy qo‘mitasiga Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari Marat Xusnullin boshchilik qiladi.