TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar fuqarolarining Rossiya Federatsiyasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida bo‘lishi muddati bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) saytida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda YeIK vakillari, Ittifoq davlatlarining vakolatli organlari, shuningdek, migratsiya va ijtimoiy himoya bo‘yicha ekspertlar ishtirok etdi.
Komissiyaning Mehnat migratsiyasi va ijtimoiy himoya departamenti direktori o‘rinbosari Oleg Artamonov Rossiyada “Professional daromad solig‘i” maxsus soliq rejimini o‘rnatish bo‘yicha eksperiment davom etayotganini, uning doirasida Ittifoq mamlakatlari fuqarolari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkinligini aytdi.
“Rossiya Federal Soliq xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning to‘qqiz oyi davomida mamlakatda YeOII davlatlaridan 183 mingdan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatga olingan”, - dedi YeIK vakili.
Muhokama natijasida YeOII fuqarolari – professional daromad solig‘i to‘lovchilarining bo‘lish muddatini uzaytirish mexanizmi masalasiga umumiy yondashuvni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga qaror qilindi.