TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Dushanbe shahrida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston respublikasi hukumati delegatsiyasini qabul qildi.
Tojikiston rahbari O‘zbekiston delegatsiyasining Dushanbega tashrifi hamkorlik istiqbollarini belgilash nuqtayi nazaridan muhim ekanini hamda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
"Bosh vazir, dastlab, prezident Emomali Rahmonga O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazar ekan, ikki Davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va ishonchli muloqot mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, 2022-yil iyun oyida O‘zbekistonda oliy darajada bo‘lib o‘tgan uchrashuv doirasida tarixiy hujjat – Abadiy do‘stlik va ittifoqchilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingani va boshqa muhim kelishuvlar ikki birodar xalqlarimiz manfaatlariga to‘la javob berishini qayd etdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yangi loyihalarni izchil amalga oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.