TOShKENT, 26 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining tegishli qarori bilan qimmatbaho metallarni sotib olish tartibiga qo‘shimchalar kiritildi.
“Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotib olish imkoniyatidan foydalanilgan har bir kun uchun foizlar hisoblash tartibi joriy qilindi.
Hususan:
30 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga – foiz hisoblamaslik;
31-kundan 180 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga – Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblash belgilandi.
Shuningdek, “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, qimmatbaho metallarni birja savdolarida chegirmalar qo‘llagan holda sotib oluvchi tadbirkorlarga qo‘yiladigan mezonlarni belgilashda tegishli tartib joriy qilindi.
Xususan:
yaratilgan ish o‘rinlarining kamida 70 foizini zargarlik buyumlari va qimmatbaho metall buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan ishchilar kasblarini tashkil etish;
yaratilgan ish o‘rinlariga ishga qabul qilingan xodimlarga kamida 6 oy davomida ish haqi hisoblanishi va ushbu holat soliq organlari tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi;
tadbirkorlik subyektlari zarur moddiy-texnika bazasi, uskunalar va boshqa texnika vositalari, ishlab chiqarish maydonlari hamda sharoitlarga ega bo‘lishi.