TOShKENT, 25 fev — Sputnik. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzodani qabul qildi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, suhbat chog‘ida loyihalarni amalga oshirishning borishi hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
"Oliy va yuqori darajada, jumladan, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari doirasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq qilish muhimligi qayd etildi. Qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirishga doir qator masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi, yangi investitsiya tashabbuslari bo‘yicha yagona yondashuvlar ishlab chiqildi", — deyiladi xabarda.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat sanoat tarmoqlaridagi ishchi guruhlari o‘rtasida aloqalarni faollashtirishga kelishib olishdi. Bunda o‘zaro rejalarni muvofiqlashtirish, takliflar ishlab chiqish va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish maqsad qilingan.